Ozarboyjonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash taklif qilindi

Saqlash
09:45 / 29.01.2026 27 0

Ozarboyjon parlamentida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solish masalasi yuzasidan parlament eshituvini oʻtkazish taklifi berildi.

 

Ushbu taklif bilan deputat Hijron Huseynova oʻzi rahbarlik qilayotgan Milliy Majlisning oila, ayollar va bolalar masalalari qoʻmitasi yigʻilishida chiqish qilgan. Majlis davomida “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama etilgan.

 

Deputatning taʼkidlashicha, Ozarboyjonda hozirda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga erkin kirishi masalasi tartibga solinmagan. U bir qator mamlakatlarda bolalarning qaysi filmlarni koʻrishi va koʻra olmasligi masalasi ham tartibga solingani, shuningdek, voyaga yetmaganlar uchun ruxsat etilgan media-kontent boʻyicha qoidalar mavjudligini qayd etgan.

 

Huseynova ushbu masala yuzasidan tegishli davlat idoralari vakillari ishtirokida alohida parlament eshituvlarini oʻtkazish taklifini bildirgan.

 

Xuddi shu majlisda ombudsman Sabina Aliyeva Roblox onlayn oʻyini masalasiga ham toʻxtalib oʻtgan va bu platformaga ham qatʼiy choralar koʻrish zarurligini taʼkidlagan.

 

Avvalroq Fransiyada kelasi oʻquv yilidan boshlab 15 yoshga toʻlmagan bolalar va oʻsmirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi butunlay taqiqlanishi kutilayotgani xabar qilingandi.

 

Bundan tashqari Qozogʻiston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva hukumat yigʻilishida 16 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash koʻrib chiqilayotganini bildirgandi.

 

Avstraliya 2025-yilda dunyoda ilk bor 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan edi. Shuningdek, Daniyada ham 15 yoshdan kichiklar uchun ijtimoiy tarmoqlarni bloklash boʻyicha kelishuvga erishilgan (qonun 2026-yil oʻrtalarida kuchga kirishi mumkin).

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//