1-fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgarishini bilasizmi?

Saqlash
11:02 / 28.01.2026 58 0

Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar bilan tanishing.

 

1. Tashabbusli loyiha qiymatining 50 foizini moliyalashtirishda aholi ishtirok etgan taqdirda, qolgan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunday loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi.

 

 2. “Yoshlarning yagona elektron platformasi” axborot tizimi ishga tushiriladi. U yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib, yoshlar uchun amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berib boradi.

 

Shuningdek, “Yoshlar daftari” doirasida ijtimoiy yordam olish uchun ariza berish va ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar Yoshlarning yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

 

3. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr ish boshlaydi. U “Yagona milliy ijtimoiy himoya” ATda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadigan oilalarni (shaxslarni) aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholash uchun yuritiladi.

 

“Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiruvchi oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.

 

Shuningdek, oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va chiqarib tashlash bilan bog‘liq nizolarni tezkor hal etish uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida Apellatsiya kengashi tashkil etiladi.

 

4. Zo‘ravonlik oqibatida oiladan ajratib olingan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi.

 

5. Xorijiy fuqarolar tomonidan ilgari sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS summasini O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

 

6. Jismoniy shaxslarga ID-karta birlamchi rasmiylashtirilayotganda uning chipiga kiritiladigan ERI sertifikatini berish bepul amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Migratsiya va personallashtirish sohasida IIO faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

 

7. “A” va “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlar haydovchilarni tayyorlash majburiy dasturining nazariy qismini mustaqil ravishda o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, “A”, “B”, “C”, “D” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar “A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarishi mumkin.

2026-yil 1-apreldan boshlab esa foto va video qayd etish tizimlari tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblanadi.

 

Agar ballar soni 12 balldan oshsa, transport vositasi jarima maydonchasiga yuboriladi.

 

8. “Kitob - ma’rifat manbai” dasturi ishga tushirilib, davlat organlarining kitob va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamalari ijtimoiy reklama sifatida e’tirof etiladi. Transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metropoliten, samolyot, poyezd) simsiz yoki mobil internet orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi, qulaylik uchun QR-kodlar o‘rnatiladi. Shuningdek, umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

 

9. Zarar ko‘rib ishlayotgan mikroavtobus yo‘nalishlarida ko‘rilgan zararlar YAIDXPdagi davlat xizmatlari orqali qoplanadi. Bunda tashuvchilar tuman markazlarini olis hududlar bilan bog‘lovchi norentabel muntazam mikroavtobus yo‘nalishlarining zararlarini qoplash uchun YAIDXPga arizalar taqdim etadilar. Arizalar UzTrans tomonidan ko‘rib chiqiladi. Xizmat bepul.

 

10. 1-fevraldan umumiy vazni 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar, antiqa avtomototransport vositalari uchun alohida seriyadagi davlat raqami belgilari joriy etiladi. 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi, bunday transport vositalari davlat reyestridan chiqariladi.

 

11. Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan yoshlar davlat bilan qo‘shimcha moddiy yordam va imtiyozlar olishni nazarda tutuvchi ijtimoiy kontrakt tuzishi mumkin bo‘ladi. Ijtimoiy shartnoma tuzilgan kundan boshlab olti oy davomida majburiyatlarini bajargan fuqarolar rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etilib, ushbu maqsadlar uchun subsidiyalar ajratish tartibi bekor qilinmoqda.

 

Ayni bir shaxs bir yil davomida ijtimoiy yordamning har xil turlaridan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//