Formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi

Saqlash
14:56 / 27.01.2026 52 0

Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

 

Unda O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgani qayd etildi. Ularning 40 foizi mahalla hududida bo‘lgan. Yoki o‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilmoqda. 

 

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi. 

 

Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi. 

 

Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas’uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

 

Bundan buyon tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari va 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

 

Aholining huquqlarini ta’minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida sudlar, advokatura, sud-tibbiy ekspertizaning ham markazlashgan tungi navbatchiligini tashkil etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish topshirildi.

 

Ilg‘or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilindi. Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat’i nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko‘chada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng bo‘ladi.

 

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog‘lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya’ni profilaktika inspektori qayerda bo‘lmasin, aholi uni qo‘l telefoni va planshetiga tun-u kun bog‘lanishi mumkin bo‘ladi. 

 

Profilaktika inspektori uchun zamonaviy, xalqqa yoqadigan ko‘rinishda formani tayyorlash topshirildi. Inspektorlarning ishi raqamlashtiriladi, “ovozli tushuntirish xati” olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

Shuningdek, tuman ichki ishlar tergov bo‘limida materiallarni ko‘rib chiqadigan tergovga qadar tekshiruv guruhlari tuziladi.

 

Bundan buyon profilaktika inspektoriga KPI qo‘yishda protokol tuzish mezon bo‘lmaydi.

 

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ham juda deklarativ yozilgani, haqiqiy holat asosida amalda ishlaydigan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ham profilaktikaga yo‘naltirgan va ta’sirchanligini oshirgan holda yangilash muhimligi ta’kidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//