Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ishdan olindi

Saqlash
14:12 / 27.01.2026 28 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda davom etmoqda.

 

Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion so‘mga yetgan, bu budjet yiliga 7,5 trillion so‘mni yo‘qotyapti degani. 


Birgina aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard so‘m soliqdan qochilgan. 


Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi. 
 
Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilarning qariyb 30 mingi QQSning biror so‘mini to‘lamagan. Yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining to‘rtdan biri ishlatilmayapti. 
 
Ayrim soliq boshliqlari tushumni ko‘paytirish o‘rniga qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan bandligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, shaharda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 70 milliard so‘m soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. So‘nggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, budjetga 27 milliard so‘m zarar yetkazilgan. 
 
O‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i D.Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.

 

Davlatimiz rahbari mavzuni davom ettirar ekan, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan “Chorsu” bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani, “Malika” savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tdi. 
 
Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayapti. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgan. 
 
Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha to‘lov qildirish hisobidan bajarmoqda. Jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 milliard so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan. 
 
Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. O‘tgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

 
Ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi ko‘rsatib o‘tildi. 

 

Yig‘ilishda M.Mirzayev ishdan olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//