Sanepidqo‘mita: NIPAH virusi O‘zbekistonda qayd etilmagan

Saqlash
09:26 / 27.01.2026 58 0

Sanepidqo‘mita Axborot xizmati NIPAH virusi bilan bog‘liq dunyodagi vaziyat haqida ma’lum qildi.

 

Unga ko‘ra, NIPAH virusi zoonoz kasallik bo‘lib, u insonga hayvonlardan, masalan, ko‘rshapalaklardan, zararlangan oziq-ovqat orqali va odamdan odamga yuqishi ham mumkin. Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.

 

So‘nggi yillarda NIPAH virusi epidemiyalari muntazam ravishda Hindistonda kuzatilmoqda, shu bilan birga inson kasalligi holatlari Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham ro‘yxatga olinadi.

 

Qo‘mita NIPAH virusi O‘zbekistonda qayd etilmagani va epidemiologik vaziyat barqarorligini qayd etadi.

 

Axborot matnida shuningdek, ushbu kasallikni mamlakatga kirib kelish ehtimoli juda past bo‘lsa-da, Hindistonga borishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga mazkur virusdan saqlanish uchun tavsiyalar berib o‘tilgan:

 

- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;
- qo‘llarni sovun bilan yaxshilab yuvish;
- antiseptik vositalardan foydalanish;
- mevalar va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yuvish;
- tekshirilmagan suvni ichmaslik;
- asosiysi, ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.

 

Yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

 

Ma’lumot uchun, ayni damda Osiyoning bir qator davlatlarida nazorat kuchaytirilgan. Hindistonning Gʻarbiy Bengal shtatida Nipah virusi tarqalishi ortidan Nepal, Tailand, Tayvan va Gonkong aeroportlari Hindistondan kelayotgan yoʻlovchilar uchun tibbiy tekshiruvlarni kuchaytirgan.

 

Qo‘mita aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni barqaror ushlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktlarida doimiy nazorat olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//