Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi

Saqlash
16:03 / 26.01.2026 48 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “yashiringan” yoki “xizmat doirasida foydalanish uchun” (XDFU grifi bilan) qabul qilingan qaror va farmoyishlar o‘rganildi.

 

Tahlillar natijasiga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1 907 ta qaror va farmoyish ushbu asoslarda qabul qilingani aniqlandi.

 

Dastlabki o‘rganishlar jarayonida mazkur hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

 

Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.

 

Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta, 44%), Xorazm (32 ta, 39%), Buxoro (58 ta, 37%), Qashqadaryo (41 ta, 26%) va Samarqand (38 ta, 15%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

Ta’kidlanishicha, agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishlarni ochiqlash va mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.

 

“Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilib, natijalariga ko‘ra har bir qaror va farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

 

Ma’lumot uchun, Prezident farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni qo‘llash vazifasi yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//