“Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin” – Prezident

Saqlash
16:50 / 23.01.2026 35 0

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

 

Davlat rahbari kun tartibidagi masalalarga o‘tishdan avval 2025-yil yakunlariga qisqacha to‘xtaldi.

 

O‘tgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqani, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushgani ta’kidlandi.

 

Qayd etilishicha, tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar infratuzilma, turmush darajasi, biznes faollik, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tuman aniqlandi. Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta “og‘ir” mahalla tanlab olindi. Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlangani ta’kidlandi.

 

“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta “og‘ir” mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz”, dedi davlat rahbari.

 

Ta’kidlanishicha, mahalliy byudjetga qaytadigan mablag‘ 2 karra ko‘paytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard so‘m beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “og‘ir” tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.

 

“Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.

 

Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.

 

Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin”, dedi Prezident.

 

Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bog‘laydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//