“Daosda binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim” – Prezident “Eski shahar” dasturini ishlab chiqishga topshiriq berdi

Saqlash
16:04 / 23.01.2026 34 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Qayd etilishicha, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.

 

Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar ko‘chasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.

 

 

Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy ko‘rinishda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etdi.

 

Davlat rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.

 

 

“Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz, dedi Prezident.

 

Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.

 

“Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Daos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur”, dedi davlat rahbari.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//