Madaniy meros boshqarmasi Urgutdagi bino buzilishiga izoh berdi

Saqlash
15:15 / 22.01.2026 71 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida qurilish uslubi bilan anʻanaviy sharq meʻmorchiligini eslatadigan bino buzib tashlanayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Tarixiy inshootni eslatadigan bino buzilishi jamoatchilik oʻrtasida norozilik keltirib chiqardi.

 

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha yuzasidan boshqarma mutaxassislari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan. Oʻrganishlar natijasida videoda aks etgan inshoot madaniy meros obektlari davlat roʻyxatiga kiritilmagani aniqlangan. Shuningdek, ushbu bino belgilangan tartibda muhofazaga olingan tarixiy yoki madaniy meros obekti hisoblanmasligi maʻlum qilingan.

 

Urgut tumani hokimligi axborot xizmati ham Kun.uz nashriga holat yuzasidan qoʻshimcha maʻlumot berdi. Unga koʻra, tuman markazida joylashgan mazkur bino 1992-yilda hashar yoʻli hamda homiylik mablagʻlari hisobidan namozgoh sifatida barpo etilgan. Biroq inshoot uzoq yillar davomida foydalanilmasdan kelingan.

 

Maʻlum qilinishicha, ushbu bino madaniy meros obektlari yoki tarixiy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilmagan, davlat muhofazasida turmaydi hamda unga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan. Shu bilan birga, inshoot joylashgan yer maydoni Urgut tumani hokimligi zaxirasi hisobida turgan.

 

Hokimlikka koʻra, ayni paytda tuman markazida shaharsozlik qiyofasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish, yoʻl harakati xavfsizligini taʻminlash hamda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida infratuzilmani rivojlantirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur rejalar doirasida bino belgilangan tartibda buzilib, yoʻl qismi kengaytirilishi va avtomobillar uchun qoʻshimcha toʻxtash joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//