BMT dunyoda “suv bankrotligi” davri boshlanganini e’lon qildi

Saqlash
12:24 / 22.01.2026 54 0

“Dunyo suv inqirozining yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda, uni endi oddiy tanqislik deb atab boʻlmaydi”, deydi BMT universiteti huzuridagi Suv, atrof-muhit va salomatlik instituti mutaxassislari. Nashr etilgan hisobotda aytilishicha, daryolar, koʻllar va yerosti suv qatlamlari tabiat ularni qayta tiklashga qodir boʻlganidan koʻra tezroq tugamoqda.

 

“Suv stressi” va “suv inqirozi” tushunchalari endi dunyoning yangi suv voqeliklarini aks ettirmaydi, deyiladi hisobotda.

 

Mualliflarning taʼkidlashicha, oʻnlab yillar davomida suvdan haddan tashqari koʻp foydalanish va uning ifloslanishi, ekotizimlarning buzilishi va iqlim omillarining kuchayishi oqibatida koʻplab suv tizimlari tiklanish nuqtasidan oʻtib ketib qolgan. Shuning uchun tadqiqotchilar yangi atama – “suv bankrotligi”ni qoʻllashni taklif qilmoqda. Uning maʼnosi shuki, uzoq muddatli isteʼmol, suvning tabiiy tiklanishidan barqaror ravishda oshib ketmoqda, tabiatga yetkazilgan zarar esa oldingi darajaga qaytishni deyarli imkonsiz qilyapti.

 

Hisobotda taʼkidlanishicha, tobora koʻproq yirik daryolar suvi yilning ayrim davrlarida dengizga yetib borishdan toʻxtab, dunyodagi eng yirik koʻllar suvsizlanishda davom etmoqda. Soʻnggi 50-yil ichida sayyora 410 million gektarga yaqin suvli-botqoq yerlardan mahrum boʻldi.

 

Hisobotda yerosti suvlariga alohida eʼtibor berilgan. Ichimlik suvi taʼminoti va sugʻorish uchun foydalaniladigan eng yirik suv obyektlarining 70 foizga yaqini barqaror uzoq muddatli kamayishni koʻrsatmoqda. Ayniqsa, shaharlarda suvga boʻlgan talab mavjud resurslardan oshib ketganda, suvsiz qolish holatlari ehtimoli tobora koʻpayib bormoqda.

 

Iqlim oʻzgarishi vaziyatni yanada ogʻirlashtiryapti. 1970-yildan beri dunyo muzliklar massasining 30 foizdan ortigʻini yoʻqotdi, bu esa yuz millionlab odamlar hayotiga bogʻliq boʻlgan erigan suvlarning mavsumiy zaxiralariga bevosita taʼsir qiladi.

 

Institut direktori va hisobot muallifi Kave Madani soʻzlariga koʻra, suv bankrotligi oqibatlari aholi yashaydigan barcha qitʼalarda seziladi, ammo bu har bir mamlakat allaqachon shunday holatga tushib qolganini anglatmaydi. Uning taʼkidlashicha, gap avvalo suv siyosatini qayta koʻrib chiqish zarurati haqida bormoqda.

 

Madani hukumatlarni muammoning koʻlamini hozirdanoq tan olishga, yechimlarni kechiktirmaslikka chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, suv bankrotligini tan olish yanada jiddiy va qaytarib boʻlmaydigan zararning oldini olish uchun boshlangʻich nuqta boʻlishi kerak.

 

“Biz bu yondashuvni qabul qilishimiz, anglashimiz va achchiq haqiqatni bugunoq – muammo jiddiy va qaytarib boʻlmas darajaga yetmasidan oldin tan olishimiz kerak”, deydi Madani.

 

Hisobot mavjud maʼlumotlar va statistik raqamlarga asoslangan boʻlib, suv muammolarining toʻliq roʻyxatini aks ettirishga daʼvo qilmaydi. Uning maqsadi muammoni muhokama qilishga yondashuvning oʻzini oʻzgartirishdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//