Endi SI yordamida shaxsga doir maʻlumotlarga noqonuniy ishlov berganlar javobgarlikka tortiladi

Saqlash
09:54 / 22.01.2026 28 0

Sunʻiy intellekt yordamida shaxsga doir maʻlumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

 

Ushbu yangilik 21-yanvar kuni qabul qilingan qonunda (OʻRQ-1115-son) koʻzda tutilgan boʻlib, hujjat bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Qonun Senat tomonidan 1-noyabr kuni maʻqullangandi.

 

Xususan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga quyidagilarga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi:

 

sunʻiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash;

 

ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish.

 

Unga koʻra, sunʻiy intellekt – insonning bilim va koʻnikmalariga taqlid qilish, mustaqil oʻrganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui.

 

Insonning huquqi va erkinligiga aloqador boʻlgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sunʻiy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.

 

Shuningdek, sunʻiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʻlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni OAVlar, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish maʻmuriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.

 

Senatda ushbu qonunni koʻrib chiqish vaqtida senator Komila Karamova uning zararli taraflariga eʻtibor qaratgandi. “Oʻquvchilar masalani oʻylab oʻtirmay, chatbotning javobini, yaʻni koʻp hollarda notoʻgʻri javobni olishyapti. Oqibatda SIdan manqurtlarcha foydalanish ongni zaiflashtirmoqda”, – degandi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//