O‘zbekistonlik model libosida davlat bayrog‘i ramzlaridan foydalangani uchun jarimaga tortildi

Saqlash
14:37 / 21.01.2026 105 0

“Yer go‘zali — 2025” xalqaro ko‘rik-tanlovida O‘zbekiston bayrog‘i va gerbi tasvirlangan libosda qatnashgan 21 yoshli model Shahrizoda Madaminova jarimaga tortildi.

 

Sud qarorida yozilishicha, sud majlisi 2026-yil 19-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida tergov sudyasi M.Axmedov raisligida bo‘lib o‘tgan.

 

Qarorda ta’kidlanishicha, Shahrizoda Madaminova 2025-yilning oktabrida Filippin poytaxti Manila shahrida o‘tkazilgan “Yer go‘zali — 2025” ko‘rik-tanlovida O‘zbekiston davlat bayrog‘i hamda gerbi tasvirlangan libosda qatnashganligi va ularni kiyib tushgan suratlarini Instagram’dagi sahifasiga joylaganligi yuzasidan fuqaro N.Joniqulovning arizasiga asosan, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Sudda qatnashgan arizachi N.Joniqulov model Shahrizoda Madaminovaning O‘zbekiston qonunlariga zid holda kiyim-boshdan foydalanganini ma’lum qilib, suddan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

 

Sud majlisida Shahrizoda Madaminova aybiga qisman iqrorlik bildirib, 2025-yil 28-oktabr kuni Filippin poytaxti Manila shahrida 25 yildan buyon dunyo bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan “Yer go‘zali — 2025” ko‘rik-tanlovida qatnashgani, mazkur tanlov uchun O‘zbekiston bayrog‘i va gerbidan ilhomlanib, libos tiktirganini aytgan. U ushbu libosda davlat bayrog‘idagi ranglar ketma-ketligi mavjud bo‘lsa-da, biroq yarim oy va 12 yulduz yo‘qligini ta’kidlab, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

 

Shahrizoda Madaminovaning aybi ishda to‘plangan hujjatlar, ya’ni dalolatnoma, taraflardan olingan tushuntirish xatlari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma va boshqa hujjatlar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgani qayd etilgan.

 

Hujjatda qayd etilishicha, sud uning sodir etgan harakatlari yuridik kvalifikatsiyasini muhokama qilib, dastlabki surishtiruv organi tomonidan uning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203−1-moddasi 1-qismi (O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisoblagan.

 

Sud qaroriga ko‘ra, Shahrizoda Madaminova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. U 824 ming so‘m (BHMning 2 baravari) miqdorda jarimaga tortildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//