15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

Saqlash
07:19 / 21.01.2026 11 0

Shavkat Mirziyoyevga sun’iy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

 

Qayd etilishicha, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda.

 

Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

 

Mamlakat hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

 

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalligini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, SIM karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

 

​Yig‘ilishda, shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada barqaror o‘sish sur’atlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani ta’kidlandi. 2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

 

​Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//