Toshkentda hind tilida yozilgan reklama peshlavhasi olib tashlandi

Saqlash
07:01 / 21.01.2026 22 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti yaqinida hind tilida yozilgan reklama peshlavhasi o‘rnatilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat poytaxt hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.

 

Tekshiruv davomida reklama peshlavhasi belgilangan tartibda ruxsat hujjatlarisiz, ya’ni noqonuniy o‘rnatilgani aniqlandi. Shuningdek, unda axborot berish qoidalariga rioya etilmagan bo‘lib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani qayd etildi.

 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, reklama axborotlari O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida bo‘lishi shart. Zarurat bo‘lsa, boshqa tillarda ham berilishi mumkin, biroq bu holatda ham davlat tilidagi matnning ustuvorligi saqlanishi va reklama materiallari qonuniy tartibda joylashtirilishi lozim.

 

Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida noqonuniy o‘rnatilgan reklama peshlavhasi belgilangan tartibda demontaj qilindi. Toshkent shahar hokimligi tadbirkorlik subyektlarini reklama peshlavhalari, bannerlar va tashqi axborot vositalarini joylashtirishda ruxsat berish tartibi hamda davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

 

Bunday qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda reklama materiallari demontaj qilinadi va mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//