2030-yilga kelib umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish ko‘zda tutilmoqda

Saqlash
13:46 / 20.01.2026 11 0

19-yanvar kuni Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida senatorlar, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar hamda OAV ishtirokida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalar bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

 

Majlisda Strategiyaning “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishida belgilangan vazifalar, jumladan maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, umumiy o‘rta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, professional taʼlimni rivojlantirish va oliy taʼlim bilan qamrovni oshirish, pedagog kadrlar maqomini oshirish masalalari muhokama qilindi.

 

Shuningdek, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish va “korxona – oliy taʼlim muassasasi – ilmiy tashkilot” hamkorlik tizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi.

 

Majlis ishtirokchilari sog‘liqni saqlash sohasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Jumladan, 2030-yilga kelib umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, yurak qon-tomir kasalliklaridan erta o‘limni (30-69 yosh) 27 foizgacha kamaytirish, saraton kasalligidan erta (30-69 yosh) o‘limni 5,2 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

 

Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish maqsadida yurak qon-tomir, xavfli o‘sma, qandli diabet, sil kasalliklari tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 50 foizini profilaktik ko‘riklarda aniqlashni yo‘lga qo‘yish, davolash muassasalariga poliklinika elektron yo‘llanmasi orqali borgan bemorlar ulushini 70 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.

 

Strategiya ijrosini taʼminlashda deputatlar hamda jamoatchilik nazorati zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilishi belgilangan ijtimoiy islohotlar aholiga sifatli taʼlim va tibbiy xizmat ko‘rsatilishini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishdan iborat.

 

Senatorlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirishga, taʼlim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//