O‘zbekistonda zirhli texnika va katerlar jangovar modullar bilan jihozlanadi

Saqlash
15:30 / 19.01.2026 36 0

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zirhli transport vositalari hamda katerlar zamonaviy standartlarga muvofiq masofadan boshqariladigan jangovar modullar bilan jihozlanadi.

 

Hozirda loyiha bilan mudofaa sanoat kompleksi tizimidagi Langar Group korxonasi shug‘ullanmoqda.

 

Korxona rahbari Iqboljon Botirovning ma’lum qilishicha, 2031-yilgacha jangovar modullarni mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Xabarga ko‘ra, yengil zirhli transport vositalarida o‘t ochish uchun an’anaviy ravishda tureldan foydalaniladi. Ammo bunday sharoitda harbiy xizmatchi o‘z tanasining bir qismini lyukdan chiqarib turishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, harakat vaqti kuchli silkinish bo‘lgani bois aniqlik tushib ketadi. Shuningdek, bunday yondashuvning ko‘rish cheklangan muhitdagi samaradorligi past bo‘ladi. Masofadan boshqariluvchi jangovar modullar mana shu muammolarning deyarli barchasini bir vaqtning o‘zida hal qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, stabilizatorlar sharofati bilan texnika harakat vaqtida ham yuqori aniqlikda o‘t ocha oladi.

 

Jangovar modullarga xos yana bir jihat shuki, operator muayyan nishonni “maqsad” sifatida belgilashi mumkin. Shundan so‘ng platforma uni avtomatik tarzda mo‘ljalda ushlab turadi.

 

Ta’kidlanishicha, Langar Group nafaqat quruqlik texnikalari, balki zirhli katerlar uchun ham modullar yetkazib berishi mumkin.

 

Ma’lumot uchun, xuddi shunday tizimlar avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston chegarachilarining Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan qo‘shma mashg‘ulotida ko‘zga tashlangan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//