O‘zbekiston yashash eng arzon bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritildi

Saqlash
12:07 / 18.01.2026 35 0

Numbeo xalqaro tahliliy platformasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi eng arzon yashash mumkin bo‘lgan davlatlar qatoridan joy oldi.

 

Tadqiqot natijalari bo‘yicha respublika 155 ta davlat orasida 138-o‘rinni egallagan (reytingda o‘rin qanchalik past bo‘lsa, yashash shunchalik arzon hisoblanadi). O‘zbekistonning yashash xarajatlari indeksi 27,3 ballni tashkil etib, bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

 

Reytingni tuzishda Nyu-York shahri taqqoslash uchun asos qilib olingan bo‘lib, uning narxlar darajasi shartli ravishda 100 ball deb belgilangan. Indeks qancha past bo‘lsa, mazkur mamlakatda yashash shuncha arzon bo‘ladi. Hisob-kitoblarda uy-joy ijarasi, kommunal xizmatlar, oziq-ovqat, restoran xarajatlari hamda xarid qobiliyati inobatga olingan.

 

Numbeo ma’lumotlarida O‘zbekiston deyarli barcha asosiy xarajat toifalarida narxlar past darajadagi davlat sifatida qayd etilgan.

 

Asosiy ko‘rsatkichlar:

▪️ Yashash xarajatlari indeksi (umumiy narxlar darajasi) – 27,3 ball;

▪️ Ijara indeksi – 12,2 ball (ijara narxlari nisbatan arzonligini ko‘rsatadi);

▪️ Ijara bilan birga yashash xarajatlari indeksi – 20,6 ball;

▪️ Oziq-ovqat narxlari indeksi – 30,1 ball;

▪️ Restoran va kafelar narxlari indeksi – 23 ball;

▪️ Mahalliy xarid qobiliyati indeksi – 47,8 ball.

 

Tahlil O‘zbekiston asosiy tovarlar va xizmatlar narxi past bo‘lgan mamlakat ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, xarid qobiliyati ko‘rsatkichi aholining daromadlari cheklanganini ham aks ettiradi.

 

Ta’kidlash lozim, Markaziy Osiyo davlatlari global ro‘yxatning quyi qismidan joy olgan. Bu esa ular yashash xarajatlari eng past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishini anglatadi.

 

Hisobot quyidagicha:

▪️ Qozog‘iston – 128-o‘rin (yashash xarajatlari indeksi 29,8);

▪️ Tojikiston – 136-o‘rin (27,9);

▪️ O‘zbekiston – 138-o‘rin (27,3);

▪️ Qirg‘iziston – 140-o‘rin (27,3);

▪️ Turkmaniston bo‘yicha ma’lumot mavjud emas.

 

Reytingga ko‘ra, yashash eng qimmat bo‘lgan hududlar Bermuda, Kayman va Virgin orollari hisoblanadi. Eng arzon yashash mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatoriga esa Pokiston, Hindiston va Liviya kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//