Mahkumlarga masofaviy videouchrashuvdan foydalanish huquqi berildi

Saqlash
12:08 / 16.01.2026 13 0

Endi O‘zbekistonda mahkumlarga masofaviy videouchrashuvdan foydalanish huquqi berilmoqda. Bu haqda 15-yanvar kuni prezident tomonidan qabul qilingan qonunda belgilab berildi.

 

Hujjat bilan O‘zbekiston Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur hujjat jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan.

 

Qonunga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan mahkumlarga masofali videouchrashuvdan foydalanish huquqi beriladi. Endilikda mahkumlar o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan 15 daqiqa davom etadigan bir martalik masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Avval ushbu huquq faqat telefon orqali so‘zlashish bilan cheklangan edi.

 

Hujjatda qayd etilishicha, masofali video-uchrashuvlar yoki telefon orqali muloqotlar jazoni ijro etish muassasalarining tartib-qoidalari hamda mahkum saqlanayotgan sharoitlardan kelib chiqib tashkil etiladi. Ularni o‘tkazish tartibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

 

Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining bir qator moddalariga texnik va mazmuniy o‘zgartirishlar kiritilib, “telefon orqali so‘zlashish” tushunchasi ko‘plab holatlarda “masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashish” shaklida kengaytirildi. Bu mahkumlarning yaqinlari bilan aloqasini saqlab qolishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//