Pedofillarga nisbatan jamoatchilik nazoratidagi reyestr joriy etish taklif qilindi

Saqlash
11:40 / 16.01.2026 26 0

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida 14 yoshli qizga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat jamoatchilik e’tiborini bolalar xavfsizligi va jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik masalasiga yana bir bor qaratdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilnoza Azizova bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlarga nisbatan qator qat’iy choralarni taklif qildi.

 

Uning ta’kidlashicha, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilishi lozim. “Bolalarga tajovuz — bu shunchaki jinoyat emas. Bu butun millat kelajagiga qilingan hujum. Bunday holatlarga nisbatan jamiyat ham, davlat ham mutlaq murosasiz pozitsiyada turishi shart”, deydi deputat o‘z murojaatida. 

 

Shuningdek, bolalarga qarshi jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar uchun ochiq va jamoatchilik nazoratidagi maxsus reyestr joriy etish, maktab, mahalla va oila darajasida bolalarni himoya qilishga qaratilgan majburiy profilaktik tizimni shakllantirish taklif etildi. Bundan tashqari, jabrlanuvchi bolalarga davlat hisobidan uzluksiz psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

 

Mutaxassislar bu kabi choralar jinsiy jinoyatlarning oldini olish va bolalar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//