Xavfsizlik kamarini taqish imkonini bermaydigan kasalliklar ro‘yxati e’lon qilindi

Saqlash
17:25 / 14.01.2026 46 0

Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan xavfsizlik kamarini taqish imkoni bo‘lmagan kasalliklar va holatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ushbu hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

 

Mazkur ro‘yxat hukumatning “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda belgilangan kasalliklarga ega va tibbiy ma’lumotnomasi mavjud fuqarolarga xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikka ruxsat beriladi.

 

Hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga suyak sinishlari, og‘ir yurak-qon tomir va o‘pka kasalliklari, ayrim jarrohlik amaliyotlaridan keyingi holatlar, shuningdek, jismoniy cheklovlar bilan bog‘liq kasalliklar kiritilgan. Ushbu ro‘yxat sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 24-dekabrdagi 29-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.

 

Xavfsizlik kamarini taqish mumkin bo‘lmagan asosiy kasallik va holatlarga quyidagilar kiradi:

 

– O‘mrov va to‘sh suyagi sinishi

– Yelka kamari sinishi

– Qovurg‘alar sinishi

– Chap o‘mrov suyagi chiqishi tufayli o‘tkazilgan operatsiyalar

– Chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi sinishi

– Umurtqa pog‘onasining kompression sinishi

– O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich)

– Bronxial astma (IV bosqich)

– O‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar)

– O‘pkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya)

– Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi

– Og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar)

– III darajali (morbid) semizlik (tananing massa indeksi ≥ 40)

– Past bo‘ylik (nanizm) — 150 santimetrdan past

– Qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar

– Tananing ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar)

– O‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi

– Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar

– Stomalar mavjud bo‘lishi

– Ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma).

 

Mazkur kasalliklar mavjudligini tasdiqlovchi elektron tibbiy ma’lumotnoma QR-kod bilan rasmiylashtiriladi va “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali beriladi. Ma’lumotnoma bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi yoki u davolangan tibbiyot tashkiloti tomonidan rasmiylashtiriladi.

 

Tibbiy ma’lumotnoma kasallik turiga qarab 1 yilgacha bo‘lgan muddatga yoki doimiy (muddatsiz) tarzda berilishi mumkin. Xususan, o‘pkasining bir qismi yoki butunlay olib tashlangan fuqarolar hamda bo‘yi 150 sm dan past bo‘lgan shaxslarga ma’lumotnoma muddatsiz beriladi. Ayrim suyak sinishlari va operatsiyalardan keyingi holatlarda esa hujjat 2 oy, 4 oy, 6 oy yoki 1 yil muddatga rasmiylashtiriladi.

 

Mazkur tartib yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan birga, sog‘lig‘i tufayli xavfsizlik kamaridan foydalanishi mumkin bo‘lmagan fuqarolar uchun huquqiy aniqlik yaratishga qaratilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//