Endi askarlar harbiy qismning o‘zida oliygohga kirish uchun imtihon topshirishi mumkin

Saqlash
14:02 / 14.01.2026 21 0

O‘zbekistonda harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarga oliygohga kirish uchun xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

 

Bundan tashqari, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi ma’lum qilindi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

 

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.

 

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

 

Armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

 

Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yo‘naltirilgan maktab-litsey o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar o‘rtasida Oliy bosh qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik, Oliy bosh qo‘mondon tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.

 

Har yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida ko‘pkurash, qo‘l jangi, og‘ir atletika kabi sportning 10 dan ortiq an’anaviy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//