Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi.
“Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan ona yurt posbonlariga yana bir bor yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz.
Ayni vaqtda Vatan oldidagi yigitlik burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan qahramon o‘g‘lonlarimizning xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, el-yurtimizga shunday dovyurak, botir va bahodir farzandlarni tarbiyalab bergan ota-onalarga, harbiy xizmat davomida barcha quvonch va tashvishlarni ular bilan baham ko‘rib kelayotgan oila a’zolariga o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etaman”, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, harbiy xizmatchilarning kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyati izchil yuksaltirib borilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan bosqichma-bosqich ta’minlanayotgani ham ta’kidlandi.
“Turli mintaqalarda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ziddiyat va qonli to‘qnashuvlar kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod qurol-yarog‘lari paydo bo‘lmoqda, jangovar harakatlar olib borishning strategiya va taktikasi yanada takomillashmoqda.
Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, biz kelgusida jang va boshqaruv usullarini zamon talablari asosida yangilaymiz, yuqori malakali harbiy kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratamiz.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi.
Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tan-u bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak”, deya ta’kidladi Prezident.
“G‘ayrat-shijoatda tengsiz bo‘lgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qo‘rqmas va o‘tyurak ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman, dedi Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
110594
Jamiyat
94411
Jamiyat
90303
Jamiyat
74050
Jamiyat
//
Izoh yo‘q