Xorijiy til o‘qituvchilaridan B2 sertifikatini talab qilish muddati yana uzaytirildi

Saqlash
09:20 / 14.01.2026 29 0

Kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026-2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi tegishli qarorida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Dastlab 2024-2025-o‘quv yiliga qadar etib belgilangan ushbu talab muddati pedagoglar va keng jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida hozirga qadar bir necha bor uzaytirib kelindi.

 

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan ushbu pedagoglarning tegishli sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlarida ko‘maklashish uchun bepul (onlayn va oflayn) o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.

 

Buning natijasida 2025-yilning sentyabr-dekabr oylari davomida 5 000 nafardan ortiq pedagoglar tegishli til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. (Hozirga vaqtda 39 ming nafardan ortiq xorijiy til fani o‘qituvchilari tegishli til sertifikatlariga ega).

 

Xabar berilishicha, vazirlik tomonidan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari bundan keyin ham davomiy tashkil etib boriladi hamda B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026-2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi.

 

Vazirlik “Mazkur choralarni chuqur anglagan holda, o‘z kasbiy va lavozim majburiyatlaringizga sidqidildan yondashishlaringizni so‘rab qolamiz”, deydi o‘z murojaatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//