Ayrim talabalarning kontrakt to‘lovi ish beruvchilar tomonidan qoplab berilishi mumkin

Saqlash
11:48 / 12.01.2026 52 0

Hukumat qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining buyurtmachilar bilan hamkorligini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Nizom bakalavriat yo‘nalishida 2- va undan yuqori kursda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish hamda ularning ta’limi yakunlangach ishga qabul qilish tartibini belgilaydi.

 

Hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari hamda talabalar o‘rtasida 3 tomonlama shartnomalar tuzishda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida 1 mln AQSh dollari bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.

 

Talabalar har yili 20-sentyabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.

 

Ular o‘qishni bitirganidan so‘ng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.

 

Ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.

 

Tanlov komissiyasi har yili 15-oktyabrgacha oliy ta’lim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi.

 

Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.

 

3 tomonlama shartnoma tuzgan va ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//