JSST jahon tibbiyotidagi 5 ta eng muhim yutuqni e’lon qildi

Saqlash
11:07 / 12.01.2026 70 0

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2025-yil yakunlariga bag‘ishlab e’lon qilgan navbatdagi hisobotida eng muhim 5 ta yutuq sanab o‘tildi. Bular:

 

Tuberkulyoz: O‘lim darajasi kamaymoqda

So‘nggi o‘n yil ichida sil kasalligidan vafot etganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ayniqsa, bu borada Afrika va Yevropa mintaqalarida ijobiy tendensiyalar qayd etilib, o‘lim ko‘rsatkichlari mos ravishda 46 va 49 foizga pasaydi.

 

JSST bunday yutuqlar bardavom bo‘lishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va to‘yib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur degan xulosada.

 

Qizamiq: Vaksinalar millionlab insonlar hayotini saqlab qolyapti

Ommaviy emlash tadbirlari natijasida o‘tgan yili qizamiqdan o‘lim ko‘rsatkichi 2000 yil boshiga nisbatan qariyb 90 foizga kamaydi.

 

Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda bu borada sustkashlik kuzatilmoqda. Bir yil avval dunyo bo‘ylab taxminan 11 million kishiga qizamiq tashxisi qo‘yilgani so‘zimiz tasdig‘idir.

 

Ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar to‘liq bartaraf etildi

Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit B ning onadan bolaga yuqishini to‘liq to‘xtatgan davlat sifatida e’tirof etildi.

 

Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligi, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligi, Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishdi.

 

Bezgakka qarshi kurashda yangi bosqich

2025-yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etildi.

 

Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qo‘llanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz bo‘yicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin o‘lim holatlarining oldi olindi.

 

Emlash dasturlari kengaymoqda

Dunyo bo‘ylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababi bo‘lgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda.

 

O‘tgan yili 86 million nafar qiz OPVga qarshi vaksina olgan. Emlash va skrining tekshiruvlari kuchaytirilishi natijasida Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda bachadon bo‘yni saratonini to‘liq bartaraf etish arafasida turibdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//