O‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan akademik litsey yopiladimi?

Saqlash
11:55 / 09.01.2026 165 0

Toshkentda O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etilishi munosabati bilan o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan akademik litsey yopilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Bu haqda Vaqt.uz nashri xabar bermoqda.

 

O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish bo‘yicha qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26-noyabrdagi qarori asosida qabul qilingan edi.

 

Xabarda aytilishicha, O‘zbek–Fransuz universitetini tashkil etish xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bilan izohlanmoqda. Ammo mazkur qaror ortida yana bir muhim vaziyat yuzaga kelmoqda: aynan shu loyiha doirasida o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan yagona akademik litseyni yopish rejalashtirilgan.

 

Bu jarayon keng jamoatchilik muhokamasisiz amalga oshirilmoqda. Qaysi litsey yopilayotgani, u nima sababdan tanlangani va bu qaror minglab o‘quvchilar hamda o‘nlab yillik tajribaga ega pedagoglar taqdiriga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida rasmiy izoh berilmagani ta’kidlandi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Munosabatda keltirilishicha, qarorning asosiy maqsadi — oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi universitetlari dasturlari asosida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashdan iborat.

 

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyi faoliyati bosqichma-bosqich tugatiladi. Bu jarayon 2027-yil may oyiga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, ayni paytda ushbu litseyda “Xorijiy tillar” va “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berib kelinmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi 23 ta akademik litseyda ham ushbu yo‘nalishlarga o‘xshash ta’lim dasturlari mavjud bo‘lib, o‘quvchilarni qabul qilish va sifatli ta’lim berish uchun yetarli imkoniyatlar bor.

 

Shuningdek, litsey faoliyati tugatilishi munosabati bilan u yerda ishlab kelayotgan rahbarlar, o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning mehnat huquqlari amaldagi qonunchilik asosida to‘liq ta’minlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar saqlanishi qayd etilgan.

 

Rasmiy izohga ko‘ra, mazkur qaror biror ta’lim yo‘nalishi yoki o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning kamayishi bilan bog‘liq emas. Qaror ta’lim tizimini takomillashtirish, xalqaro tajribani joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, davlat tilining mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//