Surxondaryoda bo‘rini o‘ldirgan shaxs jarimaga tortildi

Saqlash
09:45 / 09.01.2026 383 0

Surxondaryoda bo‘riga shafqatsiz munosabatda bo‘lib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan fuqaroga chora ko‘rildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar bo‘rini ushlab, unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aks etgan videotasvirlar tarqalgach, boshqarma tomonidan holat yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilgan.

 

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, holat 2025-yil 10-dekabr kuni Uzun tumani Beshkapa mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Fuqaro M.I. o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘ylarni adirlik hududda o‘tlatib yurgan vaqtida bo‘ri hujumiga uchragan. Fuqaro chorva mollarining bir qismini himoya qilish, asrab qolish maqsadida bo‘rini ta’qib qilganini, oqibatda bo‘ri nobud bo‘lganini yozma tushuntirish xatida bayon etgan.

 

 

Fuqaroning harakatlari oqibatida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 33-moddasi talablari buzilgani aniqlanib, mazkur qonunning 53-moddasiga muvofiq javobgarlik choralari belgilangan.

 

Fuqaro M.I.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) 1-qismi asosida BHMning 20 baravari – 8 million 240 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

 

Ekologiya boshqarmasi bo‘ri “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni bilan muhofaza qilinadigan yovvoyi hayvon turlaridan biri hisoblanishi, unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, qiynoqqa solish yoki noqonuniy harakatlarni amalga oshirish amaldagi qonunchilikka zid bo‘lib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.

 

Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi aholini tabiatga, ayniqsa yovvoyi hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lishga, ekologik qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga hamda bunday holatlar yuzasidan xulosa chiqarishda faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//