Buxoroda 2027-yilda yangi aeroport ishga tushiriladi

Saqlash
17:39 / 08.01.2026 60 0

Yangi Buxoro xalqaro aeroporti 2027-yil birinchi choragida ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Buxoro xalqaro aeroporti direktori oʻrinbosari Shahboz Hayitov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

 

“Aeroportimizda 550 nafar xodim ishlaydi. 2026-yilgi reja boʻyicha aviaqatnovlarni 15 foizga koʻpaytirish, 2026−2027-yillarda yangi aeroport qurib, ishga tushirish maqsadi qoʻyilgan. Uni ishga tushirish 2027-yil birinchi choragida rejalashtirilyapti. Aeroport soatiga 2000 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi”, dedi Hayitov.

 

Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Jalol Arashovning taʼkidlashicha, aeroport bir vaqtning oʻzida soatiga 16 tagacha havo kemasini qabul qilish, haftasiga 100 dan ortiq reyslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

“Hozirgi aeroport soatiga 400 ta yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi, yangi zamonaviy xalqaro aeroportda esa bu koʻrsatkich soatiga 1200 ta yoʻlovchiga koʻpayadi Bu degani uch barobarga salohiyat oshyapti. Havo kemalari toʻxtash joylari ham hozirgi xalqaro aeroportda 7 ta boʻladigan boʻlsa, yangi aeroportda 20 ta boʻladi”, dedi Arashov.

 

Maʻlumot uchun, Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish loyihasi 2024-yilning may oyida taqdim etilgandi. Oʻsha paytda loyiha qiymati 226 million dollarga baholanib, Davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirilishi maʻlum qilingandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//