Jamiyat
2026-yil 8-yanvar – Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan Prezident soha xodimlari hamda faxriylarni bayram bilan tabrikladi.
Tabrikda taʼkidlanishicha, keyingi yillarda prokuratura organlari faoliyatida keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilib, tizim xodimlari aholiga yaqinlashgan, inson qadri, huquq va erkinliklar hamda qonuniy manfaatlarni himoya qilish, qonun ustuvorligi va adolatni joylarda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Prezident soʻnggi yildagi ish samaralarini misol qilib keltirib, qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, salkam 29 ming nafar tadbirkor masalasi hal etilganini qayd etdi.
Shuningdek, qurilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, xotin-qizlar va yoshlarni tazyiq hamda zoʻravonlikdan himoya qilish, yoqilgʻi-energetika, ekologiya va kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishlarida yangi mexanizmlar ijobiy natija bergani aytildi. Jumladan:
yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar hisobiga davlat byudjetiga 22 trln 300 mlrd soʻm qoʻshimcha tushum undirilgan;
qurilish sohasida byudjetdan 3 trln 900 mlrd soʻm ortiqcha xarajatning oldi olingani taʼkidlangan.
Kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish va tizimli profilaktika natijasida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, ogʻir toifadagi mahallalar sonini qariyb 1,5 barobar kamaytirishga erishilgani ham qayd etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatiga toʻxtalib, oʻtgan davrda 10 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qoʻyilgani, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 trln 800 mlrd soʻm zarar undirilgani, 13 mingdan ortiq shaxs faoliyati legallashtirilib, tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgani aytildi.
Tabrikda raqamlashtirish masalasi ham alohida urgʻulanib, tergov jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, prokuratura organlarini ham nazorat idorasi, ham tergovchilarni tayyorlaydigan tizim sifatida yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish yangi bosqichga koʻtarilayotgan hozirgi davrda prokurorlik faoliyatida ochiqlikni yanada kuchaytirish va har bir xodim korrupsiyaga murosasiz munosabatda namuna boʻlishi kerakligini qayd etdi.
Yakunda davlat rahbari soha vakillariga mustahkam sogʻliq, masʼuliyatli faoliyatda yutuq va omadlar, xonadonlariga tinchlik va fayz-u baraka tiladi.
Jamiyat
Sport
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
110944
Jamiyat
94491
Jamiyat
90419
Jamiyat
74418
Jamiyat
//
Izoh yo‘q