Noqulay ob-havo sharoiti sabab havo ifloslanishi 17-yanvargacha davom etadi — Ekoqoʻmita

Saqlash
11:58 / 08.01.2026 59 0

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov havo sifati pasayishiga noqulay meteorologik sharoitlar sabab boʻlayotganini maʻlum qildi. Mutaxassislar tahliliga koʻra, bu holat 16–17-yanvar sanasiga qadar davom etishi kutilmoqda.

 

Iskandar Qutbiddinovning taʻkidlashicha, kunduzgi va kechki haroratning ayrim hollarda 14°gacha keskin farq qilishi, tuman tushishi hamda shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda. Natijada havo aylanishi sustlashib, ifloslanish omillari kuchaymoqda.

 

Maʻlum qilinishicha, maxsus komissiya faoliyati toʻxtatilmagan. Hozirda eʻtibor sanoat va xoʻjalik obektlarida ekologik reydlar, nazorat hamda tekshiruv tadbirlariga qaratilgan.

 

Xususan, 1–7-yanvar kunlari Toshkent shahrida 12 ta, Toshkent viloyatida 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar oʻtkazilib, taʻsirchan choralar koʻrilgan.

 

Shuningdek, atmosfera havosini ifloslantirgan oʻnlab avtotransport vositalariga nisbatan maʻmuriy choralar qoʻllanilgani maʻlum qilindi.

 

Profilaktik yoʻnalishda ham ishlar kuchaytirilgan: tashlama manbalari ustidan monitoring oshirilgan, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.

 

Mutaxassislar prognoziga koʻra, antitsiklonlar taʻsiri pasayib, yogʻingarchilik kuzatilishi va shamol tezligi oshishi bilan havo sifati bosqichma-bosqich normallashishi mumkin.

 

Qayd etilishicha, harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa hisoblanadi. Bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi, ifloslanishni yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning ekologik reyd va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettirilishi bildirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//