Toshkentdagi onkologiya shifoxonalari oʻrnida yashil bogʻ va park quriladi

Saqlash
09:09 / 08.01.2026 86 0

24-dekabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazida oʻtkazilgan press-tur doirasida mazkur muassasaga qoʻshilayotgan eski respublika onkologiya shifoxonasi va uning Toshkent shahar filiali joylashgan hududlar taqdiri yuzasidan savol berildi. Avvalroq ekofaollar ushbu hududlar yopiq qarorlar orqali xususiy qurilish uchun berib yuborilishi mumkinligi haqida xavotir bildirgandi.

 

Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi Botirbek Isabekov ushbu masala boʻyicha aniq topshiriq berilganini taʼkidladi.

 

“Ikkala hudud ham xususiy sektorga berilmaydi. Ikkala hudud ham belgilangan tartibda davlat aktivlari agentligiga topshiriladi. Toshkent shahar onkologiya markazi (1000 dan ortiq noyob daraxtlar bor) oʻrnida jamoat yashil bogʻi, Respublika onkologiya shifoxonasi (500 dan ortiq koʻp yillik daraxtlar bor) oʻrnida kreativ industrial parki tashkil qilinishi toʻgʻrisida aniq topshiriq olganmiz”, dedi u.

 

Eslatib oʻtamiz, 3-yil avval auksionga qoʻyilib keyin qaytarib olingan onkologiya shifoxonalari bosqichma-bosqich yangi onkologiya shifoxonasiga birlashtirilmoqda. Jamoatchilik esa ularning yashil hududlari qurilishlar uchun berib yuborilishidan xavotirda, onkologiya markazi xodimlari esa buning “navbatdagi biznes-reja” boʻlishi mumkinligini taʼkidlayotgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//