Afg‘onistonda o‘zbek tili qo‘llanilishi cheklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Saqlash
10:22 / 07.01.2026 102 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zbek tilining Afg‘onistonda qo‘llanilishiga cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar qildi.

 

Shu mazmundagi xabarlar tarqalgach, Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘langan.

 

“Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qat’iy ta’kidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi”, deyiladi xabarda.

 

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni “yagona standart asosida tartibga solish ishlari” olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.

 

Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston hukumati tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

 

TIV vakili so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, undan keng va samarali foydalanish hamda ona tilimizni jahon hamjamiyatida munosib targ‘ib etish “O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir va doimiy e’tibor markazimizda bo‘lib kelmoqda”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//