Hayvonlar ham qayg‘uni his qiladi – Tadqiqot

Saqlash
16:32 / 05.01.2026 128 0

Klassik tushunchalarda Dekart hayvonlarni faqat mexanizmlar sifatida tasavvur qilgan - ularda his-tuyg‘ular, ong yoki ma’noli aloqa yo‘q deb hisoblagan. Ammo zamonaviy kuzatishlar bunga mutlaqo qarshi dalillarni ko‘rsatmoqda.

 

Olimlar hayvonlarning o‘lim va undagi yo‘qotishga munosabatlarini ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilishdi.

 

Ularning ta’kidlashicha, ayrim hayvonlar o‘ziga yaqin bo‘lgan jonivor o‘lganda o‘zlarini odatdagidan boshqacha tutadi.

 

Masalan, fillar. Bu jonivorlar o‘lgan sheriklarining yonida uzoq vaqt qolib ketishi kuzatilgan. Ba’zida ular go‘yoki yo‘qolgan a’zoni unutgisi kelmayotgandek u vafot etgan joyga yana va yana qaytib keladi. Hatto toshlarni jamlab, “qabr” yaratishi ham mumkin ekan.

 

Delfinlar yoki kitlar esa o‘lgan bolalarini saqlab yurib, uzoq vaqtdan keyin ham tashlab ketmaydi.

 

Maymunlarda ham shunga o‘xshash holatlar bor. Ular yaqin sherigi yo‘qolgach, kamroq harakat qiladi, yolg‘iz yuradi yoki odatdagi faolligini yo‘qotadi.

 

Uy hayvonlarida ham shunga o‘xshash holatlarni kuzatish mumkin. Misol uchun, egasi vafot etgan it yoki mushuk kam ovqat yeydi, tinchligi buziladi, uyning ma’lum joylarida egasini izlab yurgandek bo‘ladi.

 

Olimlar, albatta, bu holatlarni insonlardagi qayg‘u bilan to‘liq tenglashtirmaydi. Chunki hayvonlar his-tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalay olmaydi. Lekin kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, yo‘qotish hayvonlar hayotiga ham ta’sir qiladi.

 

Mutaxassislar fikricha, hayvonlar atrofidagi o‘zgarishlarni sezadi va bunga o‘ziga xos tarzda javob beradi. Bu ularning faqatgina instinkt bilan emas, balki murakkabroq ichki holatlar bilan yashashini ko‘rsatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//