Instagramdagi eng xavfli ishlar haqida bilasizmi?

Saqlash
11:30 / 05.01.2026 249 0

Advokat Jahongir G‘aniyev Instagramdagi eng xavfli ishlar haqida ma’lumot berdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, xavflilik darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadigani bu – diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari yo‘g‘rilgan materialni kimgadir yuborish. Buning uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

 

“Masalan, o‘zingiz tushunmagan qanaqadir diniy materialni kursdoshingizga yoki sinfdoshlar guruhiga yubordingiz. Agar u diniy material ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilsa, 5 yildan 8 yilgacha qamalib ketishingiz mumkin”, deydi G‘aniyev

 

Ikkinchi o‘rinda – Prezidentni haqorat qilish, tuhmat qilish turadi. Bunda huquqbuzarga 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

 

Uchinchi o‘rinda – fuqarolarni, ya’ni oddiy Instagram foydalanuvchilarini haqorat qilish. Buning uchun 164 mln so‘mgacha jarima jazosi belgilangan.

 

To‘rtinchi o‘rinda – noqonuniy diniy materiallarni tarqatish. Bunda material ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilmagan bo‘lsa ham, lekin diniy mazmundagi material bo‘lsa, uni tarqatganlik uchun 8 mln so‘mdan 41 mln so‘mgacha jarima jazosi belgilangan. Bundan tashqari, material tarqatilgan telefon musodara qilinadi yoki yo‘q qilinadi.

 

Bunday jazoga tortilmaslik uchun tarqatilayotgan material tasdiqlangan bo‘lishi yoki uni tarqatish uchun ruxsatnoma bo‘lishi kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//