Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

Saqlash
10:11 / 05.01.2026 73 0

IIBB Telegram bot orqali giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan uch kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

 

Xabarga ko‘ra, Yunusobod tumanida 28 yoshli A., 24 yoshli Sh. va T. ismli shaxslar maxsus Telegram botni boshqarib kelayotgani aniqlangan. Ular qo‘lga olinganda yonlaridan 4 ta telefon, 3 ta noutbuk, 12 ta turli xildagi bank plastik kartalari, 11 ta SIM-karta, shuningdek, qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik moddalari topilgan.

 

“Gumonlanuvchi A. hamda Sh. ning telefoni ko‘zdan kechirilganda xorijiy hamda boshqa elektron kriptohamyonlar orqali 95 mingga yaqin tranzaksiyalar amalga oshirilgani va umumiy hisobda 2 mln 375 ming dollarga teng bo‘lgan miqdordagi kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgani ma’lum bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

 

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida xolislar bilan gumonlanuvchi A.ning xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan. Yakunda, uning yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori topilgan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-(Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish), 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 251−1-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//