100 nafar tozalik posboni farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab berildi

Saqlash
15:11 / 02.01.2026 50 0

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Tabiat uyg‘unligi himoyachilari” farzandlarining kontrakt to‘lovlari(umumiy qiymati 916 mln 718 ming so‘m) to‘lab berildi.

 

Xabarga ko‘ra, avvalroq hududlardagi sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkazilgan bo‘lib, unda sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlari qatnashgan.

 

Tanlovga jami 182 ta ariza kelib tushgan va shundan 100 tasi saralab olingan.

 

"Yangi yil" bayrami arafasida g‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlariga agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlari to‘lab berilgan.

 

Hududlar bo‘yicha taqsimlanish quyidagicha:

▪️ Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 19 nafar xodimga jami 157 493 mln so‘m;

▪️ Andijon viloyatidan 6 nafar xodimga jami 61 mln 951 ming so‘m;

▪️ Buxoro viloyatidan 7 nafar xodimga jami 65 mln 809 ming so‘m;

▪️ Jizzax viloyatidan 8 nafar xodimga jami 77 mln 603 ming so‘m;

▪️ Qashqadaryo viloyatidan 8 nafar xodimga jami 73 mln 828,5 ming so‘m;

▪️ Navoiy viloyatidan 9 nafar xodimga jami 81 mln 912,5 ming so‘m;

▪️ Namangan viloyatidan 5 nafar xodimga jami 44 mln 750 ming so‘m;

▪️ Samarqand viloyatidan 2 nafar xodimga jami 20 mln 983 ming so‘m;

▪️ Sirdaryo viloyatidan 1 nafar xodimga jami 8 mln 623 ming so‘m;

▪️ Surxondaryo viloyatidan 3 nafar xodimga jami 23 mln 910 ming so‘m;

▪️ Toshkent viloyatidan 5 nafar xodimga jami 39 mln 946 ming so‘m;

▪️ Farg‘ona viloyatidan 3 nafar xodimga jami 24 mln 173 ming so‘m;

▪️ Xorazm viloyatidan 2 nafar xodimga jami 20 mln 888,4 ming so‘m;

▪️ Toshkent shahridan 22 nafar xodimga jami 215 mln 347,4 ming so‘m.

 

“Bu kabi tanlovlardan ko‘zlangan maqsad avvalo inson qadrini yanada ulug‘lashdir. Shu bilan birga, uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlash, ularning oila a’zolari uchun qulay imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining Vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qiladigan ilmli, ziyoli kadr bo‘lib yetishishiga zamin yaratish orqali “Ijtimoiy lift” tamoyilini qo‘llab-quvvatlashdan iborat”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//