1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Saqlash
18:22 / 29.12.2025 128 0

Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tuziladi

Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi.

 

Jamg‘armalarga qo‘shimcha daromad topishga ruxsat beriladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi jamg‘armalar va mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalari mablag‘larining bo‘sh turgan qismini auksion orqali tijorat banklarida depozitga qo‘yish hisobiga qo‘shimcha daromad topishga ruxsat beriladi.

 

Tuman (shahar)lar byudjetlari xarajatlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Tuman (shahar)lar hokimlari o‘rinbosariga qo‘shimcha vazifa yuklatiladi

1-yanvardan tuman (shahar)lar hokimlarining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalari boshlig‘i hisoblanadi.

 

QQSdan tushgan tushumlarning bir qismi mahalliy byudjetlarga o‘tkaziladi

QQSdan tushgan tushumlardan Toshkent shahar mahalliy byudjetiga 5 foiz va qolgan hududlar mahalliy byudjetlariga 20 foiz o‘tkaziladi.

 

Bundan tashqari, quyidagilar ham mahalliy byudjetlarga o‘tkaziladi va qo‘shimcha manba sifatida foydalaniladi:

➖ qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishdan Davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan mablag‘lar;

 

➖ dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan respublika byudjetiga tushgan soliqlar.

 

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash tartibi o‘zgaradi

Sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlanadi.

 

Bunda to‘lovlar quyidagi shartlarga asosan tasdiqlanadi:

▪️ davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni olish huquqi quyidagi davrlardan birida yuzaga kelganda;

 

▪️ homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida 6 oy sug‘urta staji mavjud bo‘lsa.

 

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdorini hisoblashda sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mutanosib ravishda o‘rtacha oylik ish haqiga hisoblab chiqiladi.

 

Paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika terma jamoalarini shakllantirish tartibi o‘zgaradi

Paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika terma jamoalarini shakllantirishning quyidagi yangi tartibi joriy etiladi:

▪️ sportchilarning tegishli sport musobaqalaridagi natijalari bilan birga sport normativlarini bajarishi natijasi ham inobatga olinadi;

 

▪️ sport terma jamoalari sport normativlariga muvofiq shakllantiriladigan paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi chempionati yoki kubogi o‘tkazilishi majburiy hisoblanmaydi;

 

▪️ “ERP-sport” elektron boshqaruv tizimida paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanayotgan sportchilarning sport natijalari kiritib boriladi va ularning sport normativlarini bajarishi ustidan monitoring yuritish uchun zarur texnik imkoniyatlar yaratiladi.

 

Shuningdek, Paralimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi.

 

“Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi miqdorlari o‘zgaradi

Qarorga ko‘ra, “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi oyiga BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilandi:

▪️ Toshkent shahrida – 30 foiz;

▪️ viloyatlar markazlarida – 25 foiz;

▪️ respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazmning Urganch shaharlarida – 15 foiz;

▪️ Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning qolgan tuman (shahar)larida – 10 foiz.

 

Yagona QR kod joriy qilinadi

Barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.

 

Shu bilan birga, barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-yanvardan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.

 

Ayrim hududlarda kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi

“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.

 

Bunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi.

 

Xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi

“HAMROH” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (Dastur) doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi.

 

Soliq munosabatlarini tashkil etishda yangicha yondashuv qo‘llanadi

“Ochiq byudjet” portalida jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan byudjet xarajatlari ma’lumotlarini o‘zida aks ettiruvchi “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli ishga tushiriladi.

 

Jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga yo‘naltiriladi.

 

“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi

1-yanvardan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha bir nechta mezonlar qo‘yiladi. G‘oliblar esa rag‘batlantiriladi.

 

Ayrim tashkilotlarga kirish tartibi o‘zgaradi

Qo‘riqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa obyektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar o‘rnatiladi.

 

“Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi

Dasturning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

🔹 davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash;

 

🔹 ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.

 

YTTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida YTTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi.

 

Shuningdek, tadbirkorlarning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YTT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda bepul kiritiladi.

 

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha lavozim kiritiladi

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi kiritiladi.

 

Uning zimmasiga O‘zbekiston va AQSHda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish vazifasi yuklatiladi.

 

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim qilinadi

Davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qo‘shimcha imtiyozlar beriladi:

🔹 davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Davlat byudjeti hisobidan 1 yilda 1 marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

 

🔹 davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga 1 yilda 1 marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma berish;

 

🔹 barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini 2 barobar kamaytirish.

 

Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi o‘zgaradi

Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.

 

Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi

2026-yildan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.

 

Kam uchraydigan ayrim kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatiladi

Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga  chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan bemorlar bepul tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va davolanish ishlari davom ettiriladi.

 

AQSH fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz rejim joriy etiladi

1-yanvardan Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha muddatga vizasiz rejim belgilanadi.

 

5-may “Kasb va mehnat kuni” sifatida nishonlanadi

2026-yildan boshlab 5-may kuni “Kasb va mehnat kuni” sifatida  har yili keng nishonlanadi hamda uning doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy ta’limni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshiriladi.

 

“A1” kichik milliy haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi

“A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi.

 

Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy qilinadi

Respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

 

Ayrim tashkilot binolari energiya samaradorlik tamoyillari asosida quriladi

Barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorlik tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi.

 

Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi

Ayrim turdagi chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi chet el fuqarolarining daromadlarini soliqqa tortishning maxsus soliq rejimi joriy etiladi.

 

Yer sohasidagi korrupsion omillarning oldini olish choralari natijadorligi oshiriladi

Maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalari faqatgina “E-YER NAZORAT” tizimi orqali amalga oshiriladi.

 

Ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi

O‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//