Ayrim toifadagi oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi

Saqlash
09:22 / 29.12.2025 176 0

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi.

 

Ma’lumot uchun, Ijtimoiy reyestr – “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi.

 

Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.

 

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning toifalarini belgilashning quyidagi tartib joriy etiladi:

▪️ oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan belgilangan oilalar “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritiladi;

 

▪️ oila a’zolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar “kambag‘al oila” toifasiga kiritiladi;

 

▪️ oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan quyidagi oilalar “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritiladi:

 

➖ “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifalaridan chiqarilgan oilalar;

 

➖ “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi asosida Farmonda belgilangan og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oila deb topilgan oilalar.

 

Shuningdek, fevral oyidan “Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.

 

Jumladan:

▪️ ushbu oilalar xonadoniga quvvati 7-10 kVtlik quyosh panellarini o‘rnatish uchun BHMning 100 baravarigacha subsidiya ajratiladi;

 

▫️ ushbu oilalarga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha BHMning 75 baravarigacha quyidagi maqsad va shartlarda kredit ajratiladi:

 

➖ kredit oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, shu jumladan, chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, ko‘chma do‘konlar, motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurish uchun ajratiladi;

 

➖ kredit 1 yillik imtiyozli davr bilan “davlat ta’minotidagi oila” toifasidagi oila a’zosining ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi;

 

➖ kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi va foiz to‘lovlari Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga qoplab boriladi.

 

Farmonda yozilishicha, Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va undan chiqarishga doir nizolarni tezkorlikda hal etish maqsadida 2026-yil 1-fevraldan tuman (shahar) hokimliklari huzurida apellyatsiya kengashi tashkil etiladi. Bunda:

 

▫️ apellyatsiya kengashi o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil amalga oshiradi;

 

▫️ apellyatsiya kengashi oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish bo‘yicha dalolatnoma va xulosalarni qisman yoki to‘liq bekor qilish yoxud ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha “mahalla yettiligi”ga majburiyat yuklash haqida qarorlar qabul qiladi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//