Prezident murojaatnomasining lingvistik tahlili e’lon qilindi

Saqlash
18:38 / 26.12.2025 52 0

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga 2026-yilga mo‘ljallangan murojaatnoma bilan chiqdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan mazkur nutqning lingvistik kontent-tahlili taqdim etildi.

 

Tahlil prezident chiqishining mazmuniy va ma’noviy urg‘ularini, asosiy tushunchalar tizimi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini aniqlashga qaratilgan. Tadqiqot zamonaviy lingvistik usullar asosida olib borilib, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiruvchi “so‘zlar buluti” va tahliliy diagrammalar tayyorlandi.

 

Natijalarga ko‘ra, prezident murojaatnomasida jami 9 135 ta so‘z qo‘llangan. Eng ko‘p ishlatilgan kalit so‘zlar qatorida “mahalla” (49 marta), “aholi” (35 marta), “iqtisodiyot” (28 marta), “bozor” (26 marta), “loyiha” (25 marta) va “texnologiya” (22 marta) qayd etilgan. Shuningdek, “ta’lim”, “natija”, “daromad”, “tadbirkor”, “sanoat”, “suv”, “elektr”, “hudud”, “yoshlar”, “infratuzilma” va “qurilish” kabi tushunchalar ham tez-tez uchragan.

 

Ikki va uch so‘zli birikmalar tahlili “kelgusi besh yil”, “mahalla darajasi”, “aholi daromadi”, “qishloq xo‘jaligi”, “yangi bosqich”, “yangi texnologiyalar”, “duall ta’lim asosida” kabi iboralar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ifodalaganini ko‘rsatdi.

 

Nutq mazmuni 9 ta asosiy tematik blokka ajratilgan bo‘lib, tahlil natijalari davlat siyosatining markazida mahalla darajasida amalga oshiriladigan islohotlar, texnologik rivojlanish va inson manfaatlari turganini ko‘rsatadi. Barcha chora-tadbirlarning yakuniy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashdan iborat ekani ta’kidlangan.

 

Shuningdek, tahlilda iqtisodiyotning texnologik va innovatsion rivojlanish modeli, yuqori texnologiyali sanoatga o‘tish, investitsiyalar va bozor munosabatlarini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan. Iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligi va mahalla infratuzilmasini rivojlantirish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik alohida e’tiborga olingan.

 

Ijtimoiy yo‘nalishda mahalla instituti, yoshlar, jamiyat va qadriyatlar asosiy tayanch sifatida belgilangan. Bundan tashqari, ichki talabni rag‘batlantirish, uy-joy va turizmni rivojlantirish, transport tizimini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qayd etilgan.

 

“Yashil kun tartibi” doirasida qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, “Yashil makon” tashabbusini kengaytirish va iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirish masalalariga ham alohida urg‘u berilgan. Tashqi siyosat blokida esa O‘zbekistonning ochiqligi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvi ta’kidlangan.

 

Xulosa qilib aytganda, lingvistik tahlil prezident murojaatnomasining markaziy g‘oyasi “inson qadri – mahalla – farovonlikning oshishi” uzviy bog‘liqligi atrofida shakllanganini va mamlakatning 2026-yilga mo‘ljallangan strategik rivojlanish yo‘nalishlarini aniq aks ettirganini ko‘rsatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//