“Paradokslar o‘lkasi”, “Bizni tark etayotgan tuyg‘u”, “Muarrixning chigal qismati” – “Tafakkur” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
11:24 / 26.12.2025 11 0

“Universitetimizning “Ilmiy xabarnoma” jurnalida mas’ul kotibman. Yaqinda tahririyatimizga tilshunoslikka oid birdaniga o‘n bitta maqola kelsa deng. Hammasi risoladagidek, lekin... o‘zbek mardum yozganga o‘xshamaydi. Ma’lum bo‘lishicha, maqolalarning barchasi sun’iy intellekt mahsuli ekan. Kechagina magistraturani bitirib, bugun universitetda dars berayotgan o‘sha “mutaxassis”lar ilmiy ishni ham shu yo‘l bilan tayyorlashiga shubha qilmayman. Bu hol ertaga oliy ta’lim kimning qo‘liga o‘tar ekan degan xavotirli o‘ylarni uyg‘otadi.” “Dunyo zo‘rnikimi?” suhbatida oliy ta’limdagi muammolar, ijtimoiy fojialar, adabiyotning vazifasi haqida so‘z boradi. Adabiyotshunoslar Shahnoza Rahmon va Mashhura Sheraliyeva suhbatining to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2025-yil 4-sonida o‘qing.

 

“Amerikalik muxbirning ta’kidlashicha, chor armiyasi kechuv chog‘ida katta talafot ko‘rgan. Askarlarning sillasi qurigan, oziq-ovqat zaxirasi tugagan, otlarning ham yem-xashagi qolmagan. Sirasini aytganda, bosqinchilarning mag‘lubiyati muqarrardek edi. Biroq taqdirning hazili, tarixning istehzosini ko‘ringki, xivaliklar o‘z dushmani oyoqqa turib olishiga ko‘maklashadi, chor askarlariga non va boshqa yeguliklar ulashadi, otlariga yem-xashak sotadi. Yozuvchi Tog‘ay Murod ta’biri bilan aytganda, g‘animga poy-patak bo‘ladi. Mak-Gahan ham xivaliklar yog‘iyga iltifot ko‘rsatganidan chandon hayratga tushganini yozadi.” Yuqorida keltirilgan parcha Usmon Jo‘rayevning “Bizni tark etayotgan tuyg‘u” maqolasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.

 

“Zamonaviy NBIC texnologiyalari esa inson imkoniyatlarini kengaytiribgina qolmay, uning tabiati, mohiyati, o‘zligiga (ichki “men”iga) tahdid solmoqda. Masalan, biotexnologiyalar insonning g‘arovli hujayrasidan xastalik sabab yaroqsiz holga kelgan a’zolarining (yurak, buyrak, jigar va h.k.) sog‘lom nusxasini o‘stirib (tayyorlab) berishi mumkin. Ya’ni, hech qanday donorsiz yangi a’zolar transplantatsiya qilinadi. Bemorga shifo ulashmoq, odamning mushkulini oson qilmoq xayrli, albatta. Lekin bu jarayonda superinsonni, superjangchini yaratish, hatto yariminson, yarimmashina – kiborglarni yaratish xatari ham mavjud.” Jurnalning “Yangi asr muammolari” ruknida Abdurahim Erkayevning “Texnologiya: inson tabiatiga tahdid” maqolasini o‘qiysiz. Unda texnofan, qorishgan haqiqat va uydirmalar, texnologiyalar bandisi, imkoniyatlar va inqirozlar haqida so‘z boradi.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Quyoshdan bo‘yoqdon kerak” (Nodira Ofoq), “Bezavol xazina” (Hakim Sattoriy) maqolalari, “O‘zbeklar” (Abdunabi Hamro) hikoyasi, “Bu yerda har epkin – Majnunning ohi” (Abdunabi Boyqo‘zi) she’riy turkumi, “Bir umrlik qayg‘u” (Tillaniso) mutolaasi hamda “Hoshiyaga sig‘magan fikrlar” (Abror Yusupov) o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Davlatning tamali” (Eldor Baratov), “Mavhumotdan ma’no izlab” (Nurman Berdiyev), “Boburnoma” nega Ovrupada mashhur?” (Gulshan Rahim), “Hindini cheriksiz zabt etgan zot” (Rustam Jabborov), “Takka, zoviya, hojixona” (Guldona Taniyeva) maqolalari e’lon qilingan.

 

“Axloqning boqiy mezonlari hech bir davrda o‘zgarmaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tizim yangilanishi bilan ularning jamiyat hayotidagi ahamiyati goh ortib, goh pasayishi mumkin, ammo mohiyatan sobit qoladi. Zero, axloqiy mezonlar insonning tabiiy yashash sharoiti, turmush tarzi, urf-odatlari va diniy e’tiqodi bilan bog‘liqdir.” “Texnologiyalar: inson tabiatiga tahdid” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Tafakkur” bilan axloqiy mezon va e’tiqodingizni chiniqtirib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//