2026-yil uchun davlat byudjeti tasdiqlandi

Saqlash
11:01 / 26.12.2025 12 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Ushbu qonunning maqsadi kelasi yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

 

Qonunga ko‘ra, 1-darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga O‘zbekistonning respublika byudjetidan ushbu qonunga muvofiq ajratiladigan byudjet mablag‘laridan faqat 2026-moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.

 

2026-yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:

 

– mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari;

– tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari;

– chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning stavkalari.

 

2026-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi. Respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan ortiq miqdordagi xarajatlar Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra Oliy Majlis palatalari tomonidan, Respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizidan kam foizi miqdoridagi xarajatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qisqartiriladi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha qaror tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

 

Byudjetlar xarajatlarini qisqartirishda byudjet tashkilotlarining va byudjet mablag‘larini oluvchilarning byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishi, shuningdek qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi.Ushbu qonun 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//