Bojxonada 11 oyda qancha narkotik modda ushlab qolingani ma'lum qilindi

Saqlash
15:28 / 23.12.2025 40 0

Oʻzbekistonda bojxona organlari tomonidan 11 oyda qancha giyohvandlik va psixotrop moddalar aniqlangani maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, 2021-yilda 537 kilo narkotik aniqlangan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 1 tonnaga va 2025-yilning 11 oyi yakunlariga koʻra, 1,6 tonnaga koʻtarilgan. Noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilgan moddalar tarkibida tabiiy giyohvandlik vositalari ustuvorlik qilgan. Bunda 1 191 kilo gashish, 259 kilo opiy va 61 kilo kannabis aniqlangan.

 

Shu bilan birga, kuchli taʼsir qiluvchi psixoaktiv moddalar hajmining keskin oʻsishi kuzatilgan. Ushbu muddatda 1,06 tonna dan ortiq shunday moddalar musodara qilingan boʻlib, ular orasida sibutramin (879 kilo), pregabalin (119 kilo) va gabapentin (28 kilo) kabi preparatlar ustunlik qilgan.

 

Asosiy narkotrafik yo‘nalishlari Afg‘oniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya hamda Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘llar ekani qayd etildi. Bojxona organlari tomonidan 2024–2025-yillarda 9 ta narkolaboratoriya ham fosh etilgan. Shuningdek, internet narkodoʻkonlarida 100 kiloga yaqin giyohvandlik va psixoaktiv moddalar noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi. Bunda Telegram hamda Darknet platformalari asosiy savdo maydoniga aylanib borayotgani bildirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//