Ilm-fan
Ilm-fan sohasida Nobel mukofotini olish eng katta muvaffaqiyat sanaladi.
So‘nggi tadqiqotlarda mazkur mukofotga taalluqli qiziq ma’lumotlar aniqlandi.
Olimlar 1901-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda Nobel mukofotini olganlarning oilaviy kelib chiqishini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, laureatlarning ko‘pi jamiyatdagi eng badavlat va bilimli oilalardan chiqqan. Masalan, ularning otalari odatda yaxshi maoshli ishda ishlagan, oliy ma’lumotli bo‘lgan. Hatto sovrindorlarning yarmidan ko‘pi o‘z jamiyatida eng katta boylikka ega bo‘lgan oilalardan chiqqani ma’lum bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, ilm-fanda katta yutuqlarga erishish uchun iste’dodning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Yaxshi maktab, yetarlicha kitoblar, tinch muhit va tanishlar ham ushbu muvaffaqiyatga erishishda katta rol o‘ynaydi.
Ta’kidlanishicha, vaqt o‘tishi bilan vaziyat biroz yumshamoqda. Misol uchun, asr boshlarida Nobel olganlar deyarli faqat eng boy oilalardan chiqqan bo‘lsa, bugun ular nisbatan boyroq, ammo baribir jamiyatning yuqori qatlamiga mansub oilalardan chiqmoqda. Bu ijobiy o‘zgarish, lekin quyilashish juda sekin. Olimlarning hisobiga ko‘ra, tushish sur’ati shunday davom etsa, Nobel olish imkoniyati oddiy aholiga yaqinlashishi uchun yana juda ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
Ayollar uchun bu yo‘l yanada murakkab bo‘lgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Nobel mukofotini olgan ayollar erkaklarga qaraganda yanada boy va imkoniyati keng oilalardan chiqqan. Oddiy qilib aytganda, olim ayol ilm-fanda eng yuqori darajaga chiqishi uchun ko‘pincha erkakka nisbatan kuchliroq oilaviy tayanchga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan. Bu esa ilm-fanda ayollar oldida qo‘shimcha to‘siqlar borligidan darak beradi.
Bundan tashqari, hudud ham katta ahamiyatga ega. Masalan, AQShda tug‘ilgan Nobel sovrindorlari yevropaliklarga qaraganda nisbatan oddiyroq oilalardan chiqadi. Bu AQShda ilm-fanga kirish yo‘llari biroz ochiqroq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, bolalar ota-onasidan ko‘ra yaxshiroq hayotga erisha oladigan shahar va hududlarda Nobel sovrindorlari ko‘proq yetishib chiqadi. Qizig‘i shundaki, faqat boylar doim boy bo‘lib qolmaydigan, kambag‘allar ham yuqoriga chiqish imkoniga ega bo‘lgan joylarda ilmiy iste’dodlar yaxshiroq ochiladi.
Eng yomon tomoni esa tengsizlikdir. Ta’kidlanishicha, turli mamlakatlardan chiqqan Nobel sovrindorlari solishtirilganda, ularning oilalari o‘rtacha hisobda butun dunyo bo‘yicha eng boy qatlamga yaqin bo‘lib qolmoqda. Bu holat so‘nggi 100 yildan ortiq vaqt davomida deyarli o‘zgarmagan. Ya’ni ayrim davlatlarda imkoniyatlar kengaygan bo‘lsa ham, dunyo miqyosida ilm-fanga kirishdagi tengsizlik hanuz saqlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, dunyoda ilm-fanni oldinga siljitishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p iste’dodlar bor, ammo ular imkoniyat yetishmasligi sabab yuzaga chiqmayapti. Agar ilm-fan hamma uchun ochiqroq bo‘lsa — yaxshi ta’lim, qo‘llab-quvvatlash va teng sharoit yaratilsa — nafaqat adolat qaror topadi, balki insoniyat taraqqiyoti ham tezlashadi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
110533
Jamiyat
94401
Jamiyat
90292
Jamiyat
73985
Jamiyat
//
Izoh yo‘q