O‘zbekistonning 35 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlari reytingi e’lon qilindi

Saqlash
12:52 / 22.12.2025 82 0

Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda “Yuksalish" harakati tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingi tuzildi.

 

 

Reyting bir nechta bosqich asosida shakllantirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda mamlakatda 100 nafar 35 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlar ro‘yxati ekspertlar va tadbirkorlar tavsiyasi hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar, biznes reytinglari, mukofotlarni tahlil qilish asosida shakllantirilgan. Bunda nomzodlarning media va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, shaxsiy obro‘si, jamoatchilik fikri va ishbilarmonlik muhitiga ta’siri, mahsulot yoki xizmatning innovatsiyaviyligi, tadbirkorlar faoliyatining hudud, mamlakat imijiga ijobiy ta’siri, erishayotgan yutuqlari, biznesning ijtimoiy mas’uliyati kabi masalalar hisobga olingan.

 

Ikkinchi bosqichda esa “Yuksalish” harakati tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida ekspertlik baholash yo‘li bilan 20 kishidan iborat yakuniy ro‘yxat shakllantirilgan.

 

Top-20 talikka kirgan tadbirkorlar orasida mamlakatda reklama va brending bozori sifat standartlarini oshirgan, qator nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan Sintez agency asoschisi Alina Mirzayeva, 525 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega United Ventures venchur fondi rahbari Azizbek Qurbanov, raqamli yechimlar bilan qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsiyalarni tatbiq etayotgan Agro Food Gastro AJ rahbari Bekzod Ahmedov, ingliz tili ta’limi bozoridagi eng yirik xususiy o‘yinchilardan biri — Cambridge o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Po‘latov ham bor.

 

Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 284 110 taga yetdi. So‘nggi bir yilda YTTni ro‘yxatdan o‘tkazgan ayollar soni qariyb 18 ming nafarga ko‘paydi. O‘zbekistondagi 261 ta yosh tadbirkorning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshdi. Kichik va o‘rta biznes subyektlari soni ham besh yilda 2 barobar ko‘paydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//