O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish soddalashtiriladi

Saqlash
14:33 / 19.12.2025 26 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

 

Mazkur hujjat Konstitutsiyaviy sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sud ishlarini yuritishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qildi.

 

Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

 

– fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;

– konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirish va sud himoyasini kuchaytirish;

– davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazoratni ta’minlash;

– 2026−2027-yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish dasturini amalga oshirish;

– 2027-yil 1-avgustdan sud ishlarini yuritishda E-KSUD axborot tizimini joriy etish, elektron murojaatlar, onlayn kuzatuv va videokonferensiya orqali sud majlislarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratish

– sud majlislarini jonli efirda uzatish, audioyozuv orqali qayd etish va elektron bayonnomalarni shakllantirish;

– davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiya orqali fuqarolar va tadbirkorlarni ortiqcha ovora qilmasdan zarur ma’lumotlarni elektron shaklda olish amaliyotini joriy etish.

“Farmon Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud tizimida zamonaviy, ochiq va xalqqa yaqin mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi”, — dedi Sherzod Asadov.

 

Kelgusi yilda Konstitutsiyaviy sud alohida binoga joylashtirilishi kutilmoqda. Hozirda u Prezident administratsiyasi binosida joylashgan. 2026-yil yanvar oyidan boshlab uning xodimlari sakkizta lavozimga kengaytiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//