Xorvatiya va Serbiyaga ishga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Saqlash
17:03 / 17.12.2025 31 0

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan yoki ushbu davlatlarga ishlash maqsadida chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 2025-yil davomida konsullik bo‘limiga mazkur mamlakatlarda mehnat qilayotgan fuqarolardan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, insofsiz ish beruvchilar tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar aniqlangan bo‘lib, ular quyidagilar:

 

– ish haqining muntazam ravishda to‘lanmasligi yoki uzoq muddatga kechiktirilishi;

 

– vaqtinchalik yashash va ishlash uchun ruxsatnomalar olishdagi muammolar;

 

– hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish bo‘yicha to‘langan xizmatlar uchun takroriy (ikki karra va uch karra) yig‘imlar;

 

– ish berishni rad etish va qo‘shimcha to‘lovlarni rad etgan taqdirda deportatsiya qilish bilan tahdid qilish;

 

– noqonuniy ishlayotgan fuqarolarni o‘ylab topilgan bahonalar bilan to‘satdan ishdan bo‘shatish va keyinchalik ishlab topilgan mablag‘larni to‘lashdan bosh tortish.

 

Qayd etilishicha, elchixona o‘z fuqarolarining huquqlarini faol himoya qilib, qoidabuzar ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borgan. Xorvatiya vakolatli organlariga rasmiy notalar yuborib, fuqarolarga sud va ma’muriy jarayonlarda hamrohlik qilgan.

 

Shuningdek, muammolarning katta qismi noqonuniy vositachilar orqali chet elga chiqish va ishga joylashishning dastlab noqonuniy yoki yarim qonuniy kanallari tufayli yuzaga keladi, deyiladi xabarda.

 

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida elchixona O‘zbekiston fuqarolariga Xorvatiya va Serbiyaga ishlash uchun faqat O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining amaldagi litsenziyasiga ega bo‘lgan litsenziyalangan xususiy bandlik agentliklari orqali chiqishni, shuningdek, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslar yoki firmalarga pul o‘tkazmaslikni tavsiya qildi.

 

Keyinchalik noqonuniy ishga joylashish maqsadida turistik, mehmon vizasi yoki boshqa ishchi bo‘lmagan vizalar bilan chiqmaslik kerak, deyiladi xabarda. Bunday huquqbuzarlik ma’muriy chiqarib yuborish, 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Shengen hududiga kirishni taqiqlash va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

 

Bundan tashqari, mehnat shartnomasini imzolashdan oldin uni o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilishni talab qilish va barcha shartlarni, ayniqsa ishlash va yashash uchun ruxsatnoma olishga taalluqli shartlarni diqqat bilan o‘rganib chiqish zarur.

 

Fuqarolar har qanday muammolar (ish haqini kechiktirish, tahdidlar, noqonuniy yig‘imlar va boshqalar) yuzaga kelganda darhol O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga shoshilinch aloqa telefonlari (+36 304 362 636) yoki elchixona rasmiy saytida ko‘rsatilgan messenjerlar orqali murojaat qilishi mumkin.

 

“Elchixona barcha fuqarolarni mehnat migratsiyasi kanalini tanlashda maksimal darajada hushyor bo‘lishga chaqiradi. Faqat qonuniy ishga joylashish sizning huquqlaringiz va qonuniy manfaatlaringizni chet elda himoya qilishni kafolatlaydi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//