Namanganda 23 nafar bola maktabga emas, noqonuniy diniy ta’lim olishga yuborilgani aniqlandi

Saqlash
14:22 / 16.12.2025 92 0

Namangan shahrida 31 yoshli erkak bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

 

Erkak 2025-yilning iyun oyidan boshlab oyiga 300 dollardan ijaraga olingan xonadonda hujra tashkil qilib, Namangan shahri va viloyatning turli tumanlarida yashovchi 23 nafar bolaga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berib kelgan. Oʻzi ijtimoiy tarmoqlardagi nomaʼlum saytlardan mustaqil ravishda diniy tushunchalarni oʻrgangan, lekin hech qanday diniy maʼlumotga ega boʻlmagan.

 

 

Mazkur hujrada diniy taʼlim olayotgan bolalarning 10 nafari yetti yoshgacha, 13 nafari yetti yoshdan katta boʻlib, joriy yilda umuman maktablardagi darslarga qatnashmagan. Oʻqituvchilari yoki maktab maʼmuriyati tomonidan ularni darslarga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmagan.

 

Xususan, bolalardan biri Davlatobod tumanida yashovchi fuqaroning oʻgʻli bo‘lib, 5-sinfda oʻqishi lozim boʻlsa-da, hozirgi vaqtga qadar umuman maktabga bormagan. U bilan suhbatlashilganda maktab va u yerdagi darslar toʻgʻrisida tushunchaga ega emasligini aytgan.

 

Maktab yoshidagi bolalarning ota-onalari maktab maʼmuriyati bilan oʻzaro kelishgan holda, ularni mavjud elektron tizimdan nazoratdan chiqarib yuborgan. Ular farzandlarining darslarga bormaganini yashirish maqsadida oʻqish joylarini tez-tez oʻzgartirib kelgan.

 

Hozirda noqonuniy diniy taʼlim bergan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bolalarning ota-onalari 47-modda (bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosida maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Xabarda qayd etilishicha, maktab rahbarlari va oʻqituvchilari qilmishlari Jinoyat kodeksining 228-moddasiga (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) koʻra javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin va masʼuliyatsizliklari uchun ular qonun oldida javob beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//