Madaniyat
Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohkoʻchaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA nashri xabar berdi.
Ushbu marosimda qatnashish uchun Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida Andijon viloyati hokimiyati, Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti vakillari hamda mamlakatimiz elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev Oʻsh shahriga tashrifi buyurdi.
Oʻzbekistonlik mehmonlarni qirgʻiz–oʻzbek davlat chegarasidagi “Dostuk” punktida Qirgʻiziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri oʻrinbosari Askarali Madaminov, Prezidentning Oʻsh viloyatidagi vakolatli vakilining 1-oʻrinbosari Ilyaz Tashbayev, Oʻsh shahar meri Jenishbek Toktorbayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
.jpg)
Tadbir Alisher Navoiy haykalini ochish va uning poyiga gulchambarlar qoʻyish marosimi bilan boshlandi. Shundan soʻng ishtirokchilar eʼtiboriga oʻzbek va qirgʻiz sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan, Alisher Navoiy ijodini aks ettiruvchi sahna koʻrinishlari va uning gʻazallariga bastalangan qoʻshiqlardan iborat konsert dasturi taqdim etildi.
Oʻsh viloyati rahbari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari va strategik hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi. Alisher Navoiy haykali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Oʻsh shahriga Oʻzbekistondan nufuzli delegatsiya tashrifi ikki mamlakat xalqlarining tarixiy va madaniy birodarlik aloqalari va chuqur hurmat belgisi ekanini urgʻuladi.
.jpg)
Shahar meri Oʻsh shahrida Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻi 1968-yilda barpo etilgani va buyuk oʻzbek shoirining shahardagi birinchi haykali ham shu yil oʻrnatilganini hamda 1991-yilda bogʻ atrofidagi koʻchaga uning nomi berilganini maʼlum qildi. Ushbu koʻcha shu kungacha uning nomi bilan atab kelingan.
Jenishbek Toktorbayevning taʼkidlashicha, 2025-yilda Oʻsh viloyatiga Oʻzbekistondan 1,3 million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan va ushbu raqam xalqlarimiz oʻrtasida birodarlik va doʻstlik aloqalarining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
.jpg)
Tadbirdan keyingi uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidentining oʻzbek va qirgʻiz xalqlari orasidagi azaliy doʻstlik va totuvlikni mustahkamlash ishlariga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Oʻsh shahri meri Jenishbek Toktorbayevni “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib eshittirildi. Ushbu mukofotni Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tantanali ravishda topshirdi.
Mer Jenishbek Toktorbayev kamtarona faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun Oʻzbekiston Prezidenti va oʻzbek xalqiga oʻzining chuqur hurmatini izhor etib, oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi tarixiy birodarlik aloqalarini hamda oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish yoʻlida bor kuchini sarflashini taʼkidladi.
Tadbir davomida elchi Saidikrom Niyozxoʻjayev “Destinatsiya Oʻsh” turizm korxonalari jamoat birlashmasi raisi Abduqodir Aliyevga “Oʻzbekiston turizm brendining Qirgʻizistondagi elchisi” sertifikatini tantanali ravishda topshirdi.
Madaniyat
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Siyosat
109956
Jamiyat
94287
Jamiyat
90140
Jamiyat
73391
Jamiyat
//
Izoh yo‘q