“O‘zbeklar hech qachon taslim bo‘lishmaydi” — Fabio Kannavaro

Saqlash
08:49 / 13.12.2025 66 0

Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligini qabul qilib olgan italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro “The Guardian” nashriga intervyu berdi.

 

Unda murabbiy milliy jamoa bilan ishlash va Toshkentdagi hayot haqida so‘zlagan.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Italiyada qolishni xohlagan, ammo keyin O‘zbekiston terma jamoasi va Jahon chempionatida ishtirok etish imkoni paydo bo‘lgan. Osiyoda boshqa terma jamoalardan kelib tushgan takliflarni esa hatto ko‘rib ham chiqmagan.

 

Murabbiyning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning juda yosh va iste’dodli jamoasi bor. U17, U19 va U23 jamoalari deyarli doim Osiyoda g‘olib bo‘lishadi. Bu mutaxassis uchun muhim jihat bo‘lgan.

 

“Hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Milliy chempionatdagi o‘yin tezligi Jahon chempionati darajasidan ancha farq qiladi. Bu farqni qisqartirishimiz kerak. Milliy chempionat futbolchilari uchun maxsus yig‘inlar o‘tkazamiz. Ularga faqat o‘yinlarda emas, mashg‘ulotlarda ham e’tibor qilamiz”, degan Italiya futbol afsonasi.

 

Intervyuda murabbiydan O‘zbekiston haqidagi taassurotlar ham so‘ralgan.

 

“Biz Toshkentda yashaymiz. U — tarixiy qismi va yangi hududlari bor, o‘sib borayotgan xalqaro shahar. Odamlari yaxshi va juda mehmondo‘st. Biz juda tez moslashdik. Samarqandga ham bordik — juda go‘zal joy.

 

Albatta, har yerda bo‘lgani kabi, yaxshi jihatlar ham, unchalik emas joylari ham bor. Eng katta muammo — havo ifloslanishi. U juda yuqori. Lekin ish sharoitlaridan mamnunmiz, federatsiya bizga yangi sport markazini taqdim etdi”, deya javob bergan u.

 

Kannavaroning ta’kidlashicha, milliy terma jamoaning JCH-2026'dagi asosiy maqsadi — tajriba to‘plash.

 

“Shundan yarim yil o‘tgach, Osiyo Kubogi bo‘ladi. U yerda qanchalik yurishga qodir ekanimizni tushunib olamiz. Men avvalgi murabbiylarning mehnatini inkor qilmoqchi emasman — chunki aynan ular jamoani Jahon chempionatiga olib chiqishdi.

 

Men esa ular erishgan natijalarni yanada yaxshilashga harakat qilaman, futbolga biroz Yevropacha madaniyat kiritgan holda”, degan milliy jamoa bosh murabbiyi.

 

Italiyalik mutaxassis Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida to‘xtalar ekan, jamoada ko‘plab yaxshi yosh futbolchilar borligini, ular jismoniy jihatdan yanada kuchayishi kerakligini, chunki yevropaliklarga qarshi o‘ynash oson bo‘lmasligini urg‘ulagan.

 

“Lekin o‘zbeklar — baquvvat bolalar, ular kurashadi va hech qachon taslim bo‘lishmaydi. Ularga qarshi o‘ynash — bosh og‘rig‘i.

 

Bizning Urugvayga qarshi o‘yinda to‘qqiz nafar futbolchimiz turli jarohatlar bilan, yaxshi holatda bo‘lmaganiga qaramay maydonga tushdi. Lekin yigitlarimiz juda baquvvat edi va biz atigi 1:2 hisobida yutqazdik”, degan u.

 

Mutaxassis asosan ingliz tili orqali muloqot bo‘lishi haqida ham gapirgan.

 

“Ular meni tushunishadi. Tarjimonim ham bor — zamonaviy futbolda bu muhim. O‘zbek tilini o‘rganamanmi? Qiyin. Avval men o‘zimning ingliz tilimni yaxshilashim kerak”, degan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//