“Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etiladi

Saqlash
20:52 / 10.12.2025 11 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda davlat organlarida komplayens nazorati tuzilmalarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, ichki nazorat bo‘linmalarida 11 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilgani, 793 milliard so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishining oldi olingani ma’lum qilindi. Qariyb 2 trillion so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 478 milliard so‘mlik zarar undirildi.

 

Sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

 

Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi ustidan nazoratni hamda byudjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

 

Taqdimot davomida soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yo‘lga qo‘yish, rag‘batlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi ta’kidlandi. “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//